"Lazer nurlarini havo kemasiga yo‘naltirish holatlari ko‘payib boryapti"
Uzbekistan Airports aholini lazer nurlarining parvozlar xavfsizligiga salbiy taʼsiridan ogohlantirdi.

Kompaniya axborot xizmatining taʼkidlashicha, havo kemalarining uchishi va qo‘nishi vaqtida lazer nurlarini havo kemasiga yo‘naltirish holatlari ko‘payib bormoqda. Shu munosabati bilan fuqarolarning bunday xati-harakatlari uchun Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1161-moddasida javobgarlik nazarda tutilganligi eslatilmoqda.
"Ushbu moddaga asosan havo kemasidan foydalanish vaqtida havo kemasiga lazer nurini yo‘naltirish orqali xalaqit berish uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilab berilgan", — deyiladi kompaniya munosabatida.
O‘z navbatida, yo‘lovchilar va havo kemasi ekipaji aʼzolarining hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida barcha fuqarolardan parvozlar xavfsizligini taʼminlash talablariga rioya etishlari so‘ralmoqda.







