“So‘z erkinligi – bu barchaning huquqi. Shu muvozanatni ushlash muhim”
Komil Allamjonov nodavlat telekanallar vakillari bilan uchrashib, sohaga tegishli muammolarni muhokama qildi.

Bugun, 10-may kuni Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari Komil Allamjonovning nodavlat telekanallar vakillari bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘ldi.
Unda so‘z erkinligi, milliy kontent va bolalar uchun sifatli media mahsulotlarni yaratish masalalarini muhokama qilingan. Shuningdek, sohaga oid muammolarga ham to‘xtalib o‘tilgan.
“Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda o‘zgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal bo‘lishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot o‘rniga xaos paydo bo‘lishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Afsuski, bunday holatlar bo‘ldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham taʼsir qildi deb o‘ylayman.
Rivojlanish hech qachon silliq bo‘lmaydi. O‘yin qoidasi aniq-ravshan va hamma uchun teng bo‘lsagina, rivojlanish bo‘ladi. So‘z erkinligi – bu barchaning huquqi. Matbuotning ham, unda aks ettirilayotgan shaxslarning ham. Shu muvozanatni ushlash muhim. Demak, ortga yo‘l yo‘q – bu aniq. Faqat oldinga. Oldinga – huquq, meʼyor va qonun doirasida, oldinga.
Hali yana ko‘p muammolar bo‘lishi mumkin va bu tabiiy. Lekin bu muammolar biz boshlagan islohotlarga soya solmasligi kerak. Chunki bugungi davrda matbuot – nafaqat ko‘zgu, balki mudofaa, xavfsizlik masala darajasidagi institutdir”, - deydi Allamjonov.







