Nukusdagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilindi
Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.

Nukus shahrida joylashgan ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasining maʼmuriy binosini yangidan qurish va jihozlash bo‘yicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 milliard so‘mlik pudrat ishlari o‘rganilganda, jami 530,4 million so‘mlik ishlar haqiqatda bajarilmagan bo‘lsada, hisobotlarga qo‘shib yozish yo‘li bilan byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi.
Achinarlisi, kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta "brayl” printeri uchun 90 million so‘m va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln. so‘m mablag‘lar ham o‘zlashtirib yuborilgani oqibatida ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan taʼminlash imkoni cheklangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilib, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.







