O‘zbekenergotaʼmir” AJ elektr stansiyalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlashda faol ishtirok etmoqda
Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida jami 53 ta obyektda, shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina qurilmasi va 1 ta turbogeneratorda mukammal, o‘rta va joriy taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan.

Mavsumga tayyorgarlik joriy yilning fevral oyidan boshlangan bo‘lib, bugungi kunga kelib 1 ta energoblok, 2 ta bug‘-gaz qurilmasi 3 ta qozon agregatida taʼmirlash ishlari yakunlandi. Ayni kunlarda 1 ta bug‘-gaz qurilmasi, 5 ta energoblok va 14 ta qozon agregatlarida taʼmir ishlari amalga oshirilmoqda.

Rejalashtirilgan taʼmir ishlari to‘liq amalga oshirilishi evaziga energoqurilmalarning mavjud quvvati 281 MVt hamda qozon qurilmalarining ishlab chiqarish quvvati 150 tonna-soatga oshirilishiga erishiladi.
Ayni paytgacha, Tolimarjon IES va To‘raqo‘rg‘on IESda yirik bug‘-gaz qurilmalari mavsumga shay holatga keltirildi. Bu yerda “O‘zbekenergotaʼmir” AJ mutaxassislari Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi muhandislari bilan birgalikda ish olib borishdi.

Issiqliq elektr stansiyalari tizimida anʼnaviy energobloklar taʼmiriga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda, ular qish mavsumida kuzatiladigan sovuq ob-havo sharoitida elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlashda muhim o‘rin egallaydi. Jumladan, Toshkent IES misolida olib qaraydigan bo‘lsak, kuni kecha korxonaning 12-sonli anʼanaviy energoblokida taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

“O‘zbekenergotaʼmir” AJ 200 ga yaqin mutaxassislari ishtirok etgan ushbu jarayonda energoblokning turbina va qozon qurilmalari, transformator va boshqa yordamchi uskunalarda taʼmirlash va sozlash ishlari bajarildi.
Natijada, energoblokning ishlab chiqarish quvvati 120 MVt dan 155 MVt gacha oshirilgan bo‘lsa, qozon agregatining bug‘ ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 448 tonna-soatdan 528 tonna-soatgacha oshirilishiga erishildi. Shuningdek qozonning foydali ish koeffitsiyenti 88,68 foizdan 90,44 foizgacha oshirilishiga erishildi. Bunda asosiy yoqilg‘i hisoblangan tabiiy gaz sarfi 140 mln. kubmetrga iqtisod qilinishi taʼminlanadi.

Ushbu yuqori darajali texnologik jarayonlarda “O‘zbekenergotaʼmir” AJ mutaxassislari, elektr stansiyalari shaxsiy tarkibi va aytib o‘tkanimizdek, xorijiy kompaniyalar shef-muhandislari faol ishtirok etishmoqda.
Taʼmir ishlarini sifatli va o‘z muddatida bajarishdan ko‘zlangan maqsad – aholi, ijtimoiy soha obyektlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash.

Taʼkidlash lozimki, “O‘zbekenergotaʼmir” AJ bugun elektr stansiyalari uchun yuqori darajali texnik taʼminot ko‘rsatuvchi mutaxassislar tizimiga aylanib bo‘ldi. Bunda tizimda malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.








