Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yig‘ilishi boshlandi
Unda qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Bugun, 14 may kuni Toshkentda qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda yuridik fanlar doktori Bekzod Narimanov xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mintaqaviy ekspertlar Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 3-4 mart kunlari Toshkentda tashkil etilgan yuqori darajadagi “BMT global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorligi” xalqaro konferensiyasida ilgari surilgan va xalqaro sheriklar tomonidan keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanayotgan tashabbusi doirasida tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 5 marta o‘tkazilgan “Mehr operatsiyalari” doirasida, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga jami 531 nafar vatandoshimiz qaytarilib, o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatilmoqda. Ushbu amaliy ishlar, O‘zbekiston fuqarolari hamisha o‘z davlati va Konstitutsiyasi himoyasida ekanligidan dalolat beradi.
2024-yil mart oyi holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan uyushtirilgan gumanitar operatsiyalar davomida 2100 dan ortiq odam mintaqaga qaytarilgan. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi 754 nafar, Qirg‘iziston Respublikasi 511 nafar, Tojikiston Respublikasi 334 nafar, O‘zbekiston Respublikasi 531 nafar fuqarosini vataniga qaytargan.
Yana bir muhim jihat: 2021 yil iyul oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 47-sessiyasida xalqaro uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan repatriatsiya dasturi fuqarolari Suriya va Iroqdagi lagerlarda qochqin maqomiga ega bo‘lgan ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi. O‘zbekiston oilaviy qadriyatlar va jamiyatdagi yaqin ijtimoiy munosabatlarga asoslangan yuksak bahoga mos keladigan noyob yondashuvni qabul qildi.
BMT Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachi Fionnuala ni Aolein xonim O‘zbekiston modeli boshqa davlatlar uchun o‘z fuqarolarini qurolli mojaro zonalaridan "samarali, insonparvar va inson huquqlariga rioya qilgan holda qaytarish bo‘yicha yo‘l xaritasi" ekanligini alohida taʼkidladi hamda “oila birligi va jamiyatni qo‘llab-quvvatlashiga asoslanib, uning markazida bola va ayollar manfaatlari turadi”.
Davlat rahbari tashabbusi bilan boshlangan mazkur insonparvarlik missiyasi Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga va inson huquqlarini himoya qilish va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishga tayyorligini yana bir ko‘rsatmoqda hamda xalqaro huquqiy normalar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan inson huquqlariga oid qoidalarga to‘la mos keladi.







