Toshkent viloyatida chinor kesganlar qamaldi
Ular daraxtni bozorda sotishmoqchi bo‘lgan.

2023 yil 5 dekabr kuni bir guruh shaxslar Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida motorli arra va boshqa ish qurollari yordamida 5 tup ko‘p yillik sharq chinori daraxtlarini qonunga xilof ravishda tag qismidan kesib olishgan.
Maʼlum bo‘lishicha, ular kesilgan 5 tup chinor daraxtlarini bo‘laklarga bo‘lib, sotish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan "Taxta bozori"ga olib ketishayotganida IIO xodimlari tomonidan yo‘lda to‘xtatilgan.
5 tup chinor daraxti kesilishi natijasida o‘simlik dunyosiga jami 247 180 000 so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan ularga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ularning biriga JKning 198-moddasi 2-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan bo‘lsa, uning qolgan jinoiy sheriklariga ham JKning tegishli moddalariga asosan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.







