Saudiya o‘zbekistonliklar uchun viza talablarini yengillatishi mumkin
Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri o'rinbosari bilan bo'lgan uchrashuvda ma'lum qilindi.

O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turgunov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirining konsullik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ali al-Yusuf bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlarni o‘tkazish va O‘zbekiston fuqarolarini viza talablaridan ozod qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Ali al-Yusuf O‘zbekistonning mintaqada ilg‘or rivojlanib borayotganini va bir qator yirik tadbirlarga mezbonlik qilayotganini e’tirof etdi. Xususan, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida "Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi yuqori darajada bo‘lib o‘tgani ta’kidlandi. Shuningdek, shu yil mart oyida Ar-Riyoz shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi ham muvaffaqiyatli o‘tgani qayd etildi.







