Farg‘onada yo‘lga pul sochgan yigitlar qamaldi
Holat bo‘yicha viloyat IIB maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda harakatlanayotgan Lacetti yo‘lovchisi mashina salonidan tanasini chiqarib, pul sochayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Qo‘qon shahrida sodir bo‘lgan. Haydovchi qarindosh akasining to‘yida Lacetti‘da to‘y kortejiga chiqqan. Shu vaqtda mashinadagi yo‘lovchi sifatida ketayotgan yigit mashina oynasidan tanasini chiqarib, yasama pullarni sochgan va boshqa avtomobillarning harakatiga xalaqit qilgan. Aniqlanishicha, ruldagi yigitning haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Sud qaroriga ko‘ra, haydovchiga 10 sutka, pul sochgan yo‘lovchiga esa 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.







