Bolasini ayovsiz kaltaklagan ona 5 yilga qamaldi
Eri aliment to‘lamay kelayotgani uchun ayol bolasini ayovsiz kaltaklagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir ayolning bolasini ayovsiz kaltaklayotgani tasvirlangan videolavhalar tarqaldi. Voqea Qashqadaryo viloyatida bo‘lgan.
Maʼlum bo‘lishicha, eri aliment to‘lamay kelayotgani uchun bolasini ayovsiz kaltaklaganini aytgan:
“O‘zimni tutolmay qoldim. Otang topgan pulini ichib, yuradi, sen ham shunga o‘xshayapsanmi deb, jahl ustida urib tashladim”, — degan ayol.
Bola 2 yoshda. U kaltaklar taʼsirida tan jarohati olgan. Ona esa farzandini o‘z vaqtida shifokorga ham ko‘rsatmagan. Boladagi jarohatlarni esa ko‘chada to‘satdan boshqa ayollar ko‘rib qolgan va ularning saʼy-harakati bilan “ona”ning qilmishlari fosh bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida muhokama etilgan mazkur ish yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisida ayolning muqaddam og‘ir jinoyat sodir etgani va voyaga yetmagan farzandlari borligi uchun jazo kechiktirilganligi oydinlashgan. Biroq ayol shu vaqtgacha bundan tegishli xulosa chiqarmagan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayolga Jinoyat Kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan 3 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat Kodeksi 60–61-moddalari tartibida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 2023 yil 16 oktyabr tartibi bilan o‘talmagan 4 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini qisman qo‘shish yo‘li bilan, uzil-kesil 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.







