1-iyun kuni kinoteatrlarda bolalar uchun bepul filmlar qo‘yiladi
Bu haqida Kinematografiya agentligi maʼlum qildi.

Kinematografiya agentligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi va Yoshlar agentligi bilan hamkorlikda Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tadi. Tadbir “Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari” shiori ostida o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida respublika bo‘ylab barcha kinoteatr va Yoshlar ijod saroylarida O‘zbekiston va Rossiya kinoijodkorlari hamkorligida bolalar uchun suratga olingan “Parining sovg‘asi” va “Quyosh taʼmi” filmlari namoyishi tashkil etiladi.
Filmlar, shuningdek, poytaxtdagi O‘zbekiston Milliy kino sanʼati saroyida ham ikki tilda (o‘zbek va rus) taqdim etiladi. Shu bilan birga, yosh tomoshabinlar uchun qiziqarli savol-javob o‘yinlari, multfilm qahramonlari ishtirokida shou-dasturlar ham tashkil etilib, g‘oliblarga maxsus sovg‘alar topshiriladi.

✔️Maʼlumot uchun, “Parining sovg‘asi” filmi Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli aktyor Farhod Mahmudov rejissyorligida suratga olingan. Ushbu film 6 yoshdan katta bo‘lgan bolalar auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, ertak janridagi kartina hisoblanadi.

✔️“Quyosh taʼmi” filmi esa, “Sputnik vostok Prodakshn” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda suratga olingan. Film oilaviy fentezi janrida yaratilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonga safari chog‘ida g‘aroyib sarguzashtlar ishtirokchisiga aylangan moskvalik oddiy oila haqida hikoya qilinadi. Unda aktrisa va rejissyor Yelena Polyakova rol ijro qilgan.







