“Xalq puli davlat byudjetiga o‘tdimi, u davlatniki”
Salohiddin Nuriyev bildirgan fikrlarga rasmiy izoh berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining matbuot anjumanida bildirgan fikrlari tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Unda Salohiddin Nuriyev “Xalq puli davlat byudjetiga o‘tdimi, u davlatning puliga aylanadi”, degan fikrni aytgandi. Holat yuzasidan Adliya vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat vazirlik tomonidan o‘rganilmoqda, o‘rganish yakunlari bo‘yicha holatga baho beriladi.
Taʼkidlanishicha, davlat organlari o‘z faoliyatida xalq oldida hisobdor ekanligi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan, Adliya vazirligi faoliyati, shu jumladan, jamoatchilik oldida qatʼiy hisobdorlik prinsipi asosida tashkil etilgan.
Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbayidir. Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar.
Barcha fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari belgilangan tartibda, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin.
“O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot beriladi”, deyiladi xabarda.







