Musulmonlar idorasi bitkoin masalasida uzr so'radi
Hozirda bu masalada o‘rganish ishlari olib borilayotgani bildirildi.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi Islom dinida bitkoin, notkoin va boshqa shu kabi kriptovalyutalarda savdo-sotiq qilishga munosabat qandayligi haqidagi savolga javob berib, ularni shar’an joiz emas degandi.
Oradan biroz vaqt o'tib, Musulmonlar idorasi chiqarilgan fatvo yuzasidan uzr so‘radi.
Qayd etilishicha, bugun, 3-iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi tomonidan "Kriptovalyutalar savdosi joizmi?" degan mavzuda savol-javob loyihasi texnik sabablarga ko‘ra, ehtiyotsizlik oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan.
“Fatvo markazi direktori Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va u kishining o‘rinbosarlari muborak haj safarida ekani, mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagani va shuningdek, zamonaviy masalalarni keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilayotganini bildiramiz”, deyiladi uzrnomada.







