Sobiq DXX binosi hududidagi daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgan — Bosh prokuratura
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko‘chasi, 1-uy hududidagi ko‘p yillik daraxtlar ko‘chirilishiga qarshi jamoatchilik may oyining o‘rtasidan boshlab jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘layotgandi.
Daraxtlar ko‘chirib bo‘lingandan so‘ng ko‘chirish noqonuniy ekani bo‘yicha Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Prokuraturaning o‘rganish natijalariga ko‘ra, 53 tup qimmatbaho navli ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgan.
“Mazkur holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan xo‘jalik yurituvchi subyekt masʼullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.







