O‘zbekistonda havo sharlarida parvoz uchun alohida hudud yaratiladi
Bu bo‘yicha prezident vazirlarga topshiriq berdi.

Hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyev yoshlar o‘rtasida ekstremal turizmga qiziqish yildan-yilga ortib borayotganini taʼkidladi. 2023 yilda Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi tadbirkor ikkita havo shari, 10 ta deltaplan va paraplanlar bilan 100 mingga yaqin sayyohni o‘ziga tortdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Bo‘stonliq, Parkent va Aydarko‘lda yana 10 nafar tadbirkor ekstremal turizmni rivojlantirish istagida.
Davlat rahbari “Mo‘ynoq” aeroportida parashyutda sakrash va havoda sho‘ng‘ishini tashkil etish orqali ekstremal turizmni rivojlantirishni taklif etdi.
“Buning uchun Turkiya Kappadokiyasidagi kabi alohida havo zonasini yaratish kerak. 2023 yilda Kapadokiyada 600 ming sayyohga havo sharlari xizmati ko‘rsatildi, bu esa 100 million dollar daromad keltirdi”, — dedi prezident.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov, transport vaziri Ilhom Maxkamov va mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovga bir oy muddatda ikkita hududni tanlab olish va ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dasturni qabul qilish topshirildi.







