Psixotrop dori vositalari sotuvchi dorixonalar fosh bo‘ldi
Hozirda aniqlangan holatlar bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan dorixonalar aniqlandi. Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bag‘dod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “M.F.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchisi B.A. fuqaro A.A.ga 55 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini shifokor retseptisiz 2,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “K.M.” MCHJ dorixonasi sotuvchilari D.N. va M.Sh. fuqaro S.B.ga tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddasi bo‘lgan 9 dona “Reduksin” nomli dori vositasini shifokor retseptisiz 280 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan jami 130 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







