Xorazmda 4 mlrdlik davlat xaridlari noqonuniy bo‘lib chiqdi
Bu bo‘yicha viloyatda 75 ta holat o‘rganildi.

Xorazm viloyatidagi maktabgacha va maktab taʼlimi, oliy taʼlim va sog‘liqni saqlash tizimlaridagi davlat buyurtmachilari tomonidan 2023-yilda “cooperation.uz” axborot portali orqali 75 ta holatda 13 mlrd so‘mlik 749 ta kompyuter texnikalarini xarid qilishda qonunchilik talablariga rioya qilinishi holati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida mazkur davlat xaridlari “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 833-qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga zid ravishda o‘tkazilganligi hamda kompyuter texnikalari bozor narxlaridan 4,03 mlrd so‘mga qimmatroq xarid qilinganligi aniqlandi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlarga asosan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.







