“Loong Air” kompaniyasi Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda
Ilk reys iyun oyining ikkinchi yarmidan boshlanadi.

Xitoyning “Loong Air” aviakompaniyasi iyun oyining ikkinchi yarmida Siandan Samarqandga yangi havo yo‘nalishini ochishni rejalashtirmoqda.
Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi havo qatnovlarini ko‘paytirish niyati “Uzbekistan Airports” rahbariyati va aviakompaniya vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda maʼlum qilindi. Shuningdek, muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida yuk tashishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda“Loong Air” aviakompaniyasi haftasiga uch martadan Chengdu - Toshkent va Sian- Toshkent yo‘nalishlarida muntazam yo‘lovchi qatnovlarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
“Loong Air” - bosh qarorgohi Xanchjouda joylashgan Xitoy aviakompaniyasi bo‘lib, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatadi.







