Surxondaryoda bozorchi ayol IIB xodimlari bilan janjallashdi
Holat yuzasidan hokimlik maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida sotuvchi ayol bilan Ichki ishlar xodimlari o‘rtasida nizo yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi.
Maʼlum bo‘lishicha, holat 2023 yilning sentyabr oyida yuz bergan. O‘sha vaqtda Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan mahsulotlarni yo‘llarga olib chiqib sotayotgan sotuvchilarga tushuntirish ishlari olib borilgan.
Ammo ayol qarshilik ko‘rsatgani uchun xodimlar unga dalolatnoma rasmiylashtira boshlagan. Shu vaqtda ayol dalolatnomani yirtib tashlab, ichki ishlar bo‘limi xodimlarini haqorat qilgan.
So‘ngra ayol Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan, unga maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, yaʼni 3 mln 300 ming so‘m jarima belgilangan.







