Namanganda bir guruh bolalar o‘rtasida janjal chiqdi
Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Pop tumanida bir guruh fuqarolar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 14 iyun kuni Pop tumani “Chodakboshi” mahallasi hududida “Yuqori Chodakboshi” mahallasida yashovchi va ushbu joyga dam olish maqsadida kelgan Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashovchi bir guruh fuqarolar o‘rtasida nizoli vaziyat yuzaga kelgan. Ular o‘zaro janjallashishgan hamda bir birlariga tan jarohati yetkazishgan. Natijada “Yuqori Chodakboshi” mahallasida yashovchi fuqaro A.S o‘rtacha og‘ir tan jarohati olgan.
Shuningdek, ushbu hodisada tan jarohati olgan boshqa fuqarolarga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan 15 iyun kuni Pop tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.







