Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi
Tadbir so‘nggi qirq yil ichida ilk marotaba Parijdagi qarorgoh sarhadlaridan tashqarida o‘tkaziladi.

Kecha, 17 iyun kuni Fransiya poytaxti Parijda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi raisi Gayane Umerova Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan agentligi – YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi.
Tomonlar 2025 yil noyabrda so‘nggi qirq yil ichida ilk marotaba Parijdagi qarorgoh sarhadlaridan tashqarida — Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining bo‘lajak yubiley sessiyasiga puxta taraddud ko‘rishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
YUNESKOning mazkur tarixiy anjumanini O‘zbekistonda yuqori tashkilotchilik saviyasida uyushtirishni taʼminlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari va mushtarak chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Samarqandda o‘tkaziladigan Bosh konferensiya davomida YUNESKO vakolatlari doirasida yangi jahonshumul tashabbuslarni hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doir strategik loyiha va dasturlarni takomillashtirish va qabul qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv iliq va do‘stona muhitda o‘tib, unda YUNESKO va O‘zbekiston o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni yana-da yuqori pog‘onaga olib chiqishga qatʼiy tayyorlik ruhi tasdiqlandi.







