Bekobodda IIBga olib ketilgan aka-ukalardan biri vafot etdi
Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyatida IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan fuqaro vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIBB axborot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 33 yoshli fuqaro X.Yu.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun Bekobod shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.
19 iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida ayblanuvchi X.Yu.ning akalari D.Yu. va D.Yu.lar ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘tarishgani oqibatida jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan.
Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
IIB binosiga kirish yo‘lagida fuqarolardan biri D.Yu. sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.
Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Yu. vafot etganligi aniqlangan.
Hozirda fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.







