Toshkentdagi xonadonda “mayning ferma” aniqlandi
Hozirda holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida “Mayning ferma” tashkil etgan xonadon aniqlandi. Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda “Chortoq” MFY hududida yashovchi fuqaro O.K. o‘z uyining yerto‘lasida 5 ta to‘plamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga yashirincha ulab, jami 751,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik), 278-9-moddasi (mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







