Mirziyoyev Dog‘iston voqealari sabab Putinga hamdardlik bildirdi
To‘qnashuvlar sabab hozirgacha 15 politsiyachi va olti jangari halok bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Darband va Mahachqalʼa shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, chuqur hamdardlik bildirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Dog‘istondagi terrorchilik hujumlarini qatʼiy qoraladi hamda ushbu tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalarning faol hamkorligini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyun kuni kechqurun nomaʼlum shaxslar Dog‘istonning ikki shahrida cherkov va sinagogaga hujum qildi.
Respublika rahbari Sergey Melikovga ko‘ra, hujumlarda hozirgacha 15 politsiyachi va olti jangari halok bo‘lgan. Janglarning faol bosqichi yakunlangan. Uch nafar tinch aholi va 13 nafar politsiyachi shifoxonaga yotqizildi.
Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Umarov hibsga olingan. Maʼlumotlarga ko‘ra, uning ikki o‘g‘li jangarilar safida hujumlarda qatnashgan.
Mazkur voqealar ortidan Dog‘istonda uch kunlik motam eʼlon qilindi.







