O‘zbekistonning Mo‘g‘uliston bilan tashqi savdo hajmi qariyb 14 million dollarga yetgan
Bu haqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlum qildi.

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi tashqi savdo hajmi so‘nggi 5 yil ichida 2019 yildagi 1,9 million dollardan 2023 yilda 13,8 million dollargacha, yaʼni 7 baravar oshdi.
Shu davr mobaynida O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistonga eksporti 1,5 million dollardan 10,2 million dollargacha 6,8 baravar oshgan. Mo‘g‘ulistondan import hajmi esa 519,04 ming dollardan 3,61 million dollargacha, 6,9 baravar oshdi.
O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistonga eksporti tarkibida oziq – ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ustunlik qiladi – 3,26 mln dollar (eksport hajmining 23 foiz), mashina va transport uskunalari – 5,9 mln dollar (43 foiz) va turli tayyor mahsulotlar - 0,24 mln dollar (1,7 foiz), xizmatlar - 0,59 mln dollar (4,2foiz).
O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondan import tarkibi oziq - ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar – 3,5 mln dollar (97 foiz), hayvonlar va o‘simlik moylari - 40,4 ming dollar (2,1 foiz), sanoat mahsulotlari – 35,01 ming dollar (0,97 foiz) va kimyoviy moddalar va shunga o‘xshash mahsulotlar –13,01 ming dollar (0,97 foiz).
So‘nggi besh yil ichida (2019-2023 yillar) Mo‘g‘uliston yalpi ichki mahsuloti o‘rtacha 4,1 foizga, (O‘zbekistonda 5 foizga) o‘sdi.
Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23-26 iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.







