Yoshlar ishlari agentligiga tegishli “Malibu” yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlandi
Haydovchi yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqish bilan bir qatorda svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib, piyodani urib yuborishiga sal qolgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 01 347 DAV davlat raqamli “Malibu” yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib harakatlangani aks etgan video tarqaldi.
Haydovchi yana bir qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan holda, svetoforning qizil chirog‘ida ham harakatlangan va piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan piyodani urib yuborishiga bir baxya qolgan.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga ko‘ra, holat bo‘yicha qoidabuzar haydovchi – 1985 yilda tug‘ilgan K.X.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, haydovchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Avtomashinalarning raqam belgilari tiplariga ko‘ra, “DAV” seriyali raqam belgilari davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shaxsan biriktirilgan va navbatchi xizmat avtomobillariga beriladi (mudofaa, ichki ishlar, bojxona, favqulodda vaziyatlar organlarining avtomobillari hamda II tipdagi raqam belgilari beriladigan avtomobillar bundan mustasno).
Ochiq manbalarga ko‘ra, 01 347 DAV davlat raqamli “Malibu” mashinasi Yoshlar ishlari agentligiga tegishli.

U agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanovaga biriktirilgan.







