“Endi maqomni yoshlarga moslab ijro etish kerak”
Yulduz Usmonova maqom qo‘shiqlarni ommalashtirish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Kuni kecha Jizzax viloyatining Zomin tumanida Ikkinchi xalqaro maqom festivaliga start berildi. Festivalning ochilish marosimida o‘zbek sanʼatining bir guruh ijodkorlari, jumladan, Yulduz Usmonova ham chiqish qildi. Tadbirdan so‘ng xonanda intervyu berib, maqomni ommalashtirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
“Maqom xalqning dardidan yaratilgan asarlar hisoblanadi. Bugun maqomni ommalashtirish uchun uni zamonaviy yoshlarning dardi bilan uyg‘unlashtirib ijro etish kerak. Sevgidan, ishdan kuyganlar bor, haqsizlikka uchrayotganlar bor.. Balki, maqomni o‘shalarning dardi bilan bog‘lab ijro etish kerakdir. Maqom ana shu dardlardan yaralgan qalblarga malham bo‘lishi kerak.
Biz musiqaga ilmiy yondashishimiz kerak. Maqom bilan birgalikda estradamizni ham rivojlantirishimiz kerak. Agar shunday bo‘lmasa, bizga boshqa davlatlarning estradasi kirib kelishi mumkin.
Avvalgi maqomlar vaqti kelib yana tiklanmoqda. Men ijodim davomida Boborahim Mashrab, Navoiy g‘azallaridan qo‘shiqlar yaratyapman, xalq ularni ham sevib eshityapti. Menimcha, maqom qo‘shiqlarni ijro etishda biroz yo‘nalishni o‘zgartirish kerakdir... Shunaqa qilib maqomni yoshlar orasiga ham olib kiramiz.
Aslida xalqning dardi bu - maqom. Shuning uchun bugun sanʼatkorlar xalqning dardini kuylasa, u muxlisning yuragiga yetib boradi” deydi O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Yulduz Usmonova.







