Toshkentda havo sifati: 2-noyabr kuni ertalab yaxshilanishi kutilmoqda
2-noyabrga o‘tar kechasi havo sifati AQI bo‘yicha «nosog‘lom», milliy indeks bo‘yicha esa «zarg‘aldoq» darajaga yetishi mumkin.

2-noyabrga o‘tar kechasi Toshkentda havo sifati Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha «nosog‘lom», milliy indeks bo‘yicha esa «zarg‘aldoq» darajada bo‘lishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, haroratning pasayishi, shamolning sustligi va kuchli harorat inversiyasi atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklaydi. Natijada PM2.5 va PM10 zarrachalari yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planishi mumkin.
Shuningdek, havo massalarining so‘nggi sutkada shahar atrofida sekin harakatlangani ham ifloslantiruvchi moddalar tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, 2-noyabr kuni quyosh chiqqach, harorat ko‘tarilishi va vertikal havo almashinuvi yaxshilanishi hisobiga havo sifati ham yaxshilanishi mumkin.








