Ommaviy tadbirlarda oziq-ovqatni bepul tarqatish taqiqlandi
Bu bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarga fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulot va tovar-moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.
Bu haqda “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi hukumat qarorida belgilandi. Mazkur qaror 2024 yil 29 iyun kunidan kuchga kirdi.
Qarorga ko‘ra, Milliy gvardiya va IIV tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belgilanayotgan talabga ommaviy tadbir tashkilotchilari va ommaviy tadbirni o‘tkazish obyekti maʼmuriyati tomonidan so‘zsiz rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.
IIV va Milliy gvardiya bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga moslashtiradi. Qaror ijrosini taʼminlash Ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni zimmasiga yuklatilmoqda.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘ygan tashkilotchilar va uni o‘tkazgan obyekti maʼmuriyati MJtKda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.







