“Prava” olib beruvchi firibgarlar ushlandi
Hozirda ularga nisbatan ikkita modda bilan jinoiy ish ochilgan.

Buxoro va Namangan viloyatlarida haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Buxoro viloyati Kogon tumanida fuqaro B.T. fuqaro M.S.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki YHXBda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Namangan viloyatining Pop tumanida fuqaro I.S. fuqarolar z.p. va S.M.ning ishonchiga kirib, ularga tanishlari yordamida “V.S.” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 700 AQSH dollari va 8,8 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







