O‘zbekistonda salkam 100 ta bog‘cha faoliyati to‘xtatildi
Ularda sanitariya qoidalarining buzilishi kuzatilgan.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sanitariya qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani uchun 92 ta muassasalarining ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning 3 oyi davomida Qo‘mitaning hxududiy boshqarmalari tomonidan 1272 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Tekshirishlar davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan kimyoviy tahlillar uchun jami 26534 ta namunalar olingan, shulardan 1554 tasi, yaʼni 5,8 foizi talabga javob bermagan bo‘lsa, bakteriologik tahlillar uchun olingan 31791 ta namunalardan 3149 tasi, yaʼni 9,9 foizi Sanitariya qoidalari va meʼyorlari talablariga javob bermagan.
Guruhlarda xona haroratini (mikroiqlim ko‘rsatgichlari) 7921 ta holatda tekshirilgan va 612 tasida harorat talab darajasida emasligi aniqlangan. Yorug‘lik ko‘rsatgichlari 14658 ta nuqtada o‘lchangan va 1250 tasida yoritilganlik darajasi pastligi aniqlangan.
Tarbiyalanuvchilar ovqatlanishini to‘g‘ri va xavfsiz tashkil etilganligi ustidan nazoratni amalga oshirish chog‘ida mikrobiologik ko‘rsatgichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 3062 ta namuna olingan va ulardan 109 tasi talabga javob bermagan, ichimlik suvidan olingan 1865 ta namunadan 57 tasi talabga javob bermagan.
Kimyoviy tahlillar uchun ovqat to‘yimliligi 1242 ta namunalar orqali tekshirilgan, shulardan 189 ta namunada ovqat to‘yimliligi past ekanligi aniqlangan, sabzavotlarda nitrat qoldiqlarini tekshirish uchun 3501 ta namuna olingan, 76 ta namunada nitrat qoldiqlari borligi aniqlangan, osh tuzida yod miqdorini aniqlash uchun 760 ta namuna tekshirilgan va ularning 243 tasida namunalarda yod miqdori meʼyorga nisbatan kamligi aniqlangan.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sanitariya qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan masʼul shaxslarga nisbatan 1102 ta holatda maʼmuriy jarimalar qo‘llanilgan, 92 ta muassasalarining ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 228 nafar ishchi-xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmaganliklari sababli ishdan vaqtincha chetlatilgan. Bundan tashqari, 104 kilogrammdan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilingan.







