Ozodbek Nazarbekovning kiyim do‘koni reklamasi orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmagan
Bu haqida Madaniyat vazirligi maʼlum qildi.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov kiyimlar do‘konini reklama qilganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Madaniyat vazirligining bildirishicha, Ozodbek Nazarbekov milliy brend rivoji uchun o‘zining shaxsiy fikrlarini bildirib, tavsiya berib o‘tgan.
“Bu orqali mamlakatimizda yaratib berilgan qulay biznes muhiti tufayli faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ygan, xorijnikidan aslo qolishmaydigan sifatli mahsulotlar tayyorlashga intilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
Yaʼni, bundan vazirning hech qanday moddiy manfaatdorligi yoki reklama orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmagan.
“Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vaziri, qolaversa, O‘zbekiston xalq artisti va davlat xizmatchisi sifatida O‘zbekiston Respublikasining barcha qonunlarini hurmat qiladi va ularga qatʼiy rioya etadi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.







