“Islom sivilizatsiyasi markazi — juda noyob loyiha”
Saudiya elchisi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf Solih al Gahra janoblari O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Elchi boshchiligidagi delegatsiya markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashuvda bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik, diniy-maʼrifiy sohalar bilan bog‘liq ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollarini muhokama etar ekan, ayni borada yurtimizda bevosita davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan saʼy-harakatlarni yuqori baholadi. Elchi butun dunyoda globallashuv jarayonlari borayotgan va ziddiyatlarga to‘la bir paytda maʼrifatli islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish, ajdodlar merosini o‘rganish hamda tadqiq qilish tashabbusini Saudiya Arabistoni tomoni qo‘llab quvvatlashini bildirdi. Uchrashuvda Yusuf Solih al Gahra janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, shunday dedi:
- O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi - davlatingiz rahbari, muhtaram Shavkat Mirziyoyevning maʼrifatli islom va uning g‘oyalarini qo‘llab quvvatlash yo‘lidagi saʼy harakatlarining amaliy ifodasidir. Bu bizni juda mamnun etadi va har qanday hamkorlik bizga faxr, iftixor bag‘ishlaydi. Ayniqsa, biz mazkur markazga qadimiy qo‘lyozmalar va manbalar, kutubxonachilar hamda arab tili mutaxassislari bo‘yicha ko‘mak berishga tayyormiz. Islom sivilizatsiyasi markazi bu juda noyob loyiha. Uning kelgusida ilm va maʼrifat sohasida mayoqqa aylanishi shubhasizdir. Markaz binosining qurilishidan tortib, uning ekspozitsiyasidan o‘rin oladigan eksponatlarni joylashtirishgacha, ilmiy tadqiqotlar olib borish va uni namoyish etishgacha bo‘lgan jarayonlar vaqt va mablag‘ talab etadigan murakkabliklarga boy bo‘lgan bir jarayon ekanini to‘g‘ri tushunamiz. Bu borada Saudiya Arabistoniga suyanishingiz mumkin va bu bizning shu yo‘nalishdagi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi.

Shuningdek, mehmonlar markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Aytish joizki, markaz – ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Davlatimiz rahbari o‘tgan yillarda bu yerga bir necha bor kelib, uni chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini o‘rganib, mazmunini boyitish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Mehmonlarga markaz qurilishi va uning ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish bilan bog‘liq ishlar bevosita davlat rahbarining doimiy diqqat eʼtiborida ekani, 500 nafar olimlar yaqinda o‘tgan forumda davlat rahbariga murojaatnoma qabul qilgani hamda unda ilmiy-maʼrifiy maskanni Yangi O‘zbekistonning eng yirik aql markaziga aylantirish bo‘yicha bor kuch va g‘ayratini ishga solishga so‘z bergani bilan bog‘liq maʼlumotlarni berishdi.
.webp)
Bundan tashqari, uchrashuvda markaz faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Ayniqsa, markaz muzeyi ekspozitsiyasini boyitish bilan bog‘liq muzeylar faoliyatini o‘rganish, ilmiy doira vakillari o‘rtasidagi muloqot maydonini kengaytirish shular jumlasidandir.







