Andijonda qoramollarda yangi kasallik aniqlangani yuzasidan izoh berildi
Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasiga ko‘ra, kasallikka gumon qilingan qoramollar nazoratga olinib, tahlil tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qoramollarda yangi kasallik uchrayotgani va Andijondagi qoramol va chorva bozorlari tozalov uchun yopilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.
Andijon viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Qayumovning taʼkidlashicha, viloyatdagi qoramollarda yangi kasallik turi aniqlanmagan.
"Bugungi kunda viloyatimizda epizodik vaziyat barqaror. Barcha tuman va shaharlarimizda shtablar tashkil qilingan, doimiy faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari, hayvon bozorlari veterinariya mutaxassislari tomonidan nazoratga olingan. Dehqon bozorlarida go‘sht va go‘sht mahsulotlari to‘liq veterinariya nazorati ostida isteʼmolga chiqarilmoqda", — deya maʼlum qilgan boshqarma boshlig‘i.
Qo‘shimcha qilinishicha, kasallikka gumon qilingan qoramollar nazoratga olinib, tahlil tekshiruvlari o‘tkazilmoqda, uning natijalari bo‘yicha axborot beriladi.







