Surxondaryoda sirtlon o‘ldirildi
Oqibatda tabiatga 1 mlrd zarar yetkazilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoda sirtlon o‘ldirilganligi aks etgan suratlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Ekologiya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea 2023 yilning oktyabr oyi oxiri - noyabr oyi boshlarida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani “Obodon” mahallasida yuz bergan. Ushbu harakat “Takatosh” massivida yashovchi fuqaro tomonidan sodir etilgan. Holat natijasida tabiatga 1 milliard 60 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, bir bosh nomaʼlum hayvonning suyaklari topilib, ular qaysi hayvon turiga tegishliligi borasida ilmiy xulosa olish maqsadida tegishli tashkilotlarga jo‘natilgan. Xulosa olingach, hujjatlar chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga yuboriladi.
Ekologiya vazirligi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish qatʼiyan taqiqlanganligini, bu qonunga ko‘ra keskin javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tgan.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasiga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni nobud qilish eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.







