Germaniyada o‘zbekistonlik qiz nemis tili bo‘yicha Butunjahon olimpiadasida g‘olib bo‘ldi
Gettingen shahrida o‘tkazilgan olimpiadada 62 davlatdan o‘quvchilar bellashdi.

15-22 iyul kunlari nemis tili bo‘yicha Butunjahon olimpiadasi o‘tkazilgan Gettingen shahrida g‘oliblar aniqlandi. Tegishli til darajalari bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik Rayyona Ibrohimova, bangladeshlik Mahek Xon va shimoliy makedoniyalik Ana Kotevska bo‘lishib oldi.
“Kumush” va “bronza” Meksika, Italiya, Slovakiya, polsha va Britaniyadan kelgan maktab o‘quvchilariga nasib etdi. Olimpiadaning final bosqichida 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Raqobatchilar orasida 62 davlat vakillari bor edi.
Gyote instituti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 16 yoshli Rayyona Germaniyadagi universitetlardan birida nemisshunoslik yo‘nalishida tahsil olish va kelajakda tarjimonlik bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan. Xalqaro tanlovning final bosqichiga chiqish uchun u boshqa ishtirokchilar singari milliy tanlovda g‘olib bo‘ldi.
Butunjahon nemis tili olimpiadasi har ikki yilda bir marta Germaniya shaharlaridan birida o‘tkaziladi. Tashkilotchi Gyote institutidir. Tadbir Germaniyadan tashqaridagi maktablarda nemis tilini o‘rganishga qiziqishni oshirishga qaratilgan.







