Qibraylik ayol qizini 2 ming dollarga sotmoqchi bo‘ldi
Sud unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 1989 yilda tug‘ilgan Z.A.ning 2011 yilda tug‘ilgan o‘g‘li va 2014 yilda tug‘ilgan qiz farzandi bo‘lgan. Turmushidan ajralgan ayol ijara asosida Chirchiq shahrida yashab kelgan.
Ayol 2024 yil 29 mart kuni uyida 2014 yilda tug‘ilgan qiz farzandini 2 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 500 AQSH dollarini olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Ayol sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, bu ishga farzandlarini boqishga qiynalgani sababli qo‘l urganini aytgan.
U qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan o‘ziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengil jazo tayinlashni so‘ragan. Ammo ayolning qilmishi guvohlar va boshqa dalillar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudining hukmi bilan ayolga nisbatan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.







