Til sertifikati yo‘q maktab o‘qituvchilariga yana bir yil muddat berildi
Mazkur masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining roziligi olingan.

B2 sertifikatga ega bo‘lmagan maktablardagi xorijiy til o‘qituvchilariga yana bir yil muddat beriladi. Bu haqida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev tomonidan imzolangan xatda ko‘rsatib o‘tilgan.
Maʼlum qilinishicha, umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi 2025/2026-o‘quv yiliga qadar uzaytirilmoqda. Mazkur masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining roziligi olingan.
Ushbu holatni inobatga olib, 2024/2025-o‘quv yili oldidan B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan maktablarda amalda ishlab turgan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, tegishli darajaga ega bo‘lmagan, hozirda faoliyat olib borayotgan xorijiy til o‘qituvchilari tomonidan belgilangan sertifikatlar 2024/2025-o‘quv yili yakuniga qadar olinishi hududiy boshqarmalar tomonidan nazoratga olinishi talab etilgan.







