O'zbekiston

“Qurilish tarmog‘idagi ishlarimiz ham inson qadrini ulug‘lashga qaratilmoqda”

Prezident quruvchilarga bayram tabrigi yo‘lladi.

“Qurilish tarmog‘idagi ishlarimiz ham inson qadrini ulug‘lashga qaratilmoqda”

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston quruvchilariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabriy matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

“Hurmatli do‘stlar! Avvalo, o‘z hayotini dunyodagi eng sharafli kasblardan biri bo‘lgan qurilish sohasiga bag‘ishlagan siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Hech shubhasiz, bugun biz ko‘p millatli xalqimiz bilan birgalikda barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan eng muhim o‘zgarishlar haqida so‘z yuritganda, barcha mintaqa va hududlarimizni qamrab olgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida alohida fikr yuritishimiz tabiiydir.

 

Chindan ham, so‘nggi yillarda yurtimiz ulkan qurilish va bunyodkorlik mamlakatiga aylandi. Xalqimizning ko‘z o‘ngida qad rostlayotgan zamonaviy turar-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l va transport tarmoqlari, taʼlim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari, bog‘ va xiyobonlar, obod shahar va qishloqlarimiz qiyofasida sizlarning beqiyos kuch-g‘ayratingiz, yuksak salohiyat va mahoratingiz mujassam ekanini eʼtirof etgan holda, barchangizni yangi hayot bunyodkorlari deya eʼzozlab, fidokorona mehnatingiz uchun chin dildan tashakkur bildiramiz.

 

Qadrli bunyodkorlar! Maʼlumki, hozirgi kunda qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida qurilish ishlari hajmi 2023 yilga nisbatan 10 foizdan ziyod ortib, salkam 80 trillion so‘mga yetgani, sohaning yalpi ichki mahsulotimizdagi ulushi 6 foizdan  ko‘proqni tashkil etayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.

 

Eng asosiysi, barcha sohalar qatori qurilish tarmog‘idagi ulkan ishlarimiz ham inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilmoqda. O‘tgan yili birgina investitsiya dasturi doirasida 2 ming 526 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgani, “Tashabbusli byudjet” tizimi asosida mahallalarimizdagi 4 mingdan ortiq obyektda 4,5 trillion so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani ham shundan dalolat beradi.

 

Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan natijalar qo‘lga kiritilayotganini taʼkidlash lozim. Oxirgi yetti yarim yilda jami 412 mingta kvartiradan iborat yoki 26 million kvadrat metrlik qariyb 10 mingta uy-joylar barpo etilgani misolida bunga to‘la ishonch hosil qilish mumkin.

 

Bu ishlarimizning davomi sifatida joriy yilda 52 ta hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. “Yangi Toshkent” va Olimpiya shaharchasi kabi mega obyektlarimizda ham bunyodkorlik ishlari yuqori surʼatlar bilan olib borilmoqda. Sohada “yashil” standartlar, energiyani tejaydigan yangi texnologiyalar, “aqlli shahar”, “aqlli uy” tamoyillari faol qo‘llanmoqda.

 

Qurilish sohasida birinchi marta yuqori malakali kadrlar, mustahkam materiallar, mashina va mexanizmlar bazasi hamda mezonlarni o‘zida ifoda etadigan resurslar milliy klassifikatori shakllandi, mutaxassislarni sertifikatlash tizimi joriy qilinib, Kompetensiyani rivojlantirish instituti tashkil etildi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari! Qurilish sohasini bugungi shiddatli zamon talablariga mos holda rivojlantirish, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish va ularning ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bugungi kunda g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.

 

Shuningdek, loyiha tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, qurilish materiallari bozorini tartibga solish, raqamlashtirish ishlarini chuqurlashtirish, bino va inshootlarda qulay va ekologik xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish, energiya samaradorligini oshirish, qurilish ishlari jarayonida xavfsizlik va taʼsirchan nazoratni taʼminlash bo‘yicha oldimizda katta vazifalar turganini siz – sohada katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan ishchi va quruvchi, meʼmor va muhandislar, olim va mutaxassislar yaxshi bilasiz.

 

Ishonchim komil, sizlar ana shunday murakkab va masʼuliyatli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda yana-da jonbozlik ko‘rsatib, qurilish sohasi ravnaqini yangi bosqichga olib chiqasizlar.

 

Albatta, soha vakillarining mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, ish va turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga biz bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.

 

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, tuganmas kuch-g‘ayrat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

 

Jonajon Vatanimizni har tomonlama go‘zal va obod etishda sizlarga yangi zafar va omadlar yor bo‘lsin!”, deyiladi tabrik matnida.

custom img

Dunyo iqtisodiyotini belgilovchi kompaniyalar Toshkentda yig‘ilmoqda

Laziz Qudratovga ko‘ra, forumda ishtirok etish uchun investorlar ma’lum bir summani to‘lashlari kerak.

custom img

Toshkentda xalqaro investitsiya forumi sabab ayrim ko‘chalarda harakat vaqtincha cheklanadi

Shuningdek, 16–18-iyun kunlari yuk avtomobillarining Toshkent shahriga kirishi ham vaqtincha taqiqlanadi.

custom img

22 ming dollar evaziga AQSHga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Shuningdek, Janubiy Koreyaga ishchi viza olib berishni va’da qilib, 6 ming dollar talab qilgan ayol qo'lga olindi.

custom img

Rastrata qilgan mansabdorlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

Mansab mavqeidan foydalanib sodir etilgan o‘zlashtirish va rastrata qilish jinoyatlari uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

custom img

Toshkentda haydovchi boshqa haydovchini tayoq bilan urmoqchi bo'ldi

Haydovchilar o‘rtasida yuz bergan mojaro bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar sudga yuborildi.

custom img

Xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat universitetlariga o‘qishni ko‘chirish tartibi belgilandi

Hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritilsa, ariza rad etilishi mumkin.

custom img

Saida Mirziyoyeva Milliy teatrda “Adolat fasli” spektakli namoyishida ishtirok etdi

Prezident Administratsiyasi rahbari spektaklda bosh rolni ijro etgan Yodgor Sa’diyevni 80 yillik yubileyi bilan tabrikladi.

custom img

O'zbekistonda kirayotgan yo'lovchi sumkasidan bo'g'ma ilon aniqlandi

“Navoiy” chegara bojxona postida yo'lbarssimon noyob ilon olib kirilishining oldi olindi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"