O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkiyaga boradi

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkiyaga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 29-30-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

 

Davlat rahbari Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Turk asri: tilda, fikrda va ishda birlik” mavzusidagi navbatdagi sammitida ishtirok etadi.

 

Tashkilot doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, turizm, ekologiya va ta’lim yo‘nalishlarida yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

 

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.

 

Sammit yakunlari bo‘yicha Anqara deklaratsiyasi hamda tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qator qo‘shma qaror va hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.