Narkotik savdosiga oid uchta holat fosh etildi: 5 kgdan ortiq modda musodara qilindi
Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda gashish moyi va gashish moddalarini aniqladi. Uchta holat bo‘yicha jami 5 kilogrammdan ortiq narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Yunusobod tumanida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan shaxs to‘xtatilib, tekshirildi. Uning yonidan uchta kichik idishda jami 257 gramm gashish moyi topildi.
Keyinchalik uning yashash manzilida o‘tkazilgan tekshiruvda sof og‘irligi 2 kilogramm 831 gramm bo‘lgan gashish moyi va elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olindi. Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxs internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda ishlagan.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ham narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.
Jumladan, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 982 gramm gashishni shartli xaridorga 10 700 AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lganida ushlandi.
Yana bir holatda Farg‘ona shahrida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘shni davlatdan kontrabanda qilingan va Farg‘ona tumanidagi yashirin joyga qoldirilgan 956 gramm gashishni olib, uyiga qaytayotganida qo‘lga olindi.
Qayd etilishicha, uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








