“Perevod” uchun imtihonlar qachon bo‘lishi aytildi
Test 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi.

Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi OTMlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari ikki smenada tashkil etilib, 1-smenada 08:00 dan 11:00 ga qadar, 2-smenada 15:00 dan 18:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi hamda talabgorlarga mutaxassislik fanlarida 30 tadan, majburiy fanlarda 10 tadan - jami 90 ta test topshirig‘i va ularni ishlash hamda javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun 3 soat vaqt beriladi.
Talabgorlar test sinovi o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (id-karta) va ruxsatnoma bilan kelishlari lozim.







