“Bugungi jarayonlar chin maʼnoda ulkan va muhim voqeadir”
Xorijlik mutaxassislar Islom sivilizatsiyasi markazi haqida fikr bildirishdi.

“Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” anʼanaviy VIII xalqaro kongress ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi. Kongress ishtirokchilariga markazdagi qurilish ishlarining olib borilishi haqida hujjatli film namoyish etildi.
“Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” anʼanaviy VIII xalqaro kongress ishtirokchi va olimlari Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishi bo‘yicha fikr bildirdi.
Said Abulhasan, Erondagi Dinlar va mazhablar universiteti rektori:
— O‘zbekiston ming yillik tamaddunga ega. Sizlar mana shu kelajagi bor sivilizatsiyaning sohiblari hisoblanasizlar. Aytish joizki, O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Motridiy, Xazrat Bahovuddin Naqshband va boshqalar mana shu tamaddun rivojlanishiga hissa qo‘shishgan.
Bugungi kunda dunyodagi aksariyat aholi aynan Moturidiy taʼlimotidan foydalanishadi. Yana islom olamida Termiziy ham juda buyuk muhaddis hisoblanadi. Endi yetakchi taʼlimotlardan yana biri Naqshband tariqati ham deyish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, aynan ushbu makonning kelajagi bor! Bugungi kunning faollari esa sivilizatsiya markazining yaratuvchisi hisoblanadi. Tan olish kerakki, bunday imkoniyat hamma davlatda ham mavjud emas.
Irina Popova, Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori:
— Hozirda Slavyan markazi bilan hamkorlikda ishlamoqdamiz. Bugungi jarayonlar esa barchamiz uchun chin maʼnoda ulkan va muhim voqeadir.
Din va ilm-fan bu juda turli sohalar. Aynan bu markazda o‘zgacha garmoniya va muvozanat seziladi. Men bu yerda eng qadimiy Qurʼonlarni ko‘rib hayratda qoldim. Sharq qo‘lyozmalarda Usmon Qurʼonining 82 varag‘i saqlanishi katta masʼuliyat. Biz ham bir necha nusxalarni topshirganmiz, shu jumladan O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ham bor.
Sandro Teti, Italiyalik noshir va siyosatshunos:
— Avvalgi O‘zbekiston va hozirgi zamonaviy O‘zbekiston haqida, ayniqsa, o‘sha buyuk mutafakkirlar, shoirlar, yozuvchilar haqida, haligacha italyan tiliga tarjima qilinmagan kitoblarni nashr etmoqdamiz. Mening asosiy maʼruzam jadidchilikning tiklanishi haqida bo‘ladi. Chunki jadidchilik, fikrimcha, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda, barcha musulmon mamlakatlarini rivojlantirish uchun, hatto o‘zgartirish uchun ham juda dolzarb, deb hisoblayman. Islom, ayniqsa, G‘arbda mavjud bo‘lgan jadidchilikni keltiradigan obraz. Men ishonamanki, ayni damda O‘zbekiston har jihatdan eng muvaffaqiyatli, eng tez rivojlanayotgan davlatdir.







