“Prava” olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi
Hozirda ularga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Buxoro va Andijon viloyatlarida 2 000 AQSH dollari va 18 mln so‘m evaziga haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi.
Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.R. fuqarolar S.M. va K.G‘.ning ishonchiga kirib, haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihonlaridan tanishlari orqali o‘tkazib berishi evaziga 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Oltinko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro K.X. 4 nafar fuqaroga 18 mln so‘m evaziga go‘yoki Andijon viloyat YXHBda ishlovchi tanishlari yordamida “V.” “S” va “E” toifadagi haydovchilik guvohnomalarini olib berishini vaʼda qilib, oldindan 9 mln so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







