Samarqandda TURKSOY xalqaro forumi o‘tkazilmoqda
Tadbir doirasida bir qancha loyihalar taqdimot qilindi.

Samarqandda davom etayotgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” xalqaro kongressi doirasida “Yangi Renessans: Madaniy merosni saqlashda kino va medianing o‘rni” mavzusida TURKSOY xalqaro forumi o‘tkazilmoqda.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiya markazi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda TURKSOY bosh kotibi S.rayev, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Sh. Rizayev so‘zga chiqib, turkiy xalqlar tarixi, madaniyatini o‘rganish va targ‘ib etishda kino sanʼatining o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbir doirasida “Kino - meros himoyachisi: madaniy loyihalar va tashabbuslar taqdimoti”, “Global media hamkorlik: Merosni asrash bo‘yicha madaniyatlararo loyihalar” kabi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Ushbu dasturlar doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi multimedia bloki uchun tayyorlangan videoroliklar turkumi taqdimoti, shuningdek, “Baqtriya tarixi”, “O‘zbekiston arxeologik marvaridlari”, “Klavixo”, “Xudoybergan Devonov va Nemis Mennonitlari”, “Muxtor Avezov” loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi.
Forum so‘ngida turk dunyosi mamlakatlari uchun yagona kino va media platforma yaratish to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi ko‘zda tutilgan.







