Zangiotada ro‘mol o‘rab, niqob taqib yurgan ayol sudlandi
Ayol tomog‘ida allergiya borligi sababli niqob taqib yurishini aytgan.

2 avgust kuni soat 11:51 lar atrofida Zangiota tumani Mustaqillik ko‘chasida ayol jamoat joyida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda harakatlanib kelgani yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sudda ayol mebel sexida ishchi vazifasida ishlab kelishini aytgan. 2 avgust kuni soat 11:50 da shu ko‘chada joylashgan oziq-ovqat do‘koniga non va qatiq mahsulotini xarid qilish uchun yuzida “maska” taqilgan holatda ketayotgan vaqtida IIB xodimlari uni to‘xtatib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini so‘ragan.
Tomog‘ida allergiya borligi sababli niqob taqib yurishini, kasalligi haqida hech qanday hujjat yo‘qligi, jamoat joyida niqob taqib yurish mumkin emasligini bilmasligi, ishdan shoshib chiqqani sababli niqobini yechmagani uchun uzr so‘rab, oilaviy sharoiti og‘irligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi, yolg‘iz ayol ekanini bildirib, suddan yengillik berishni so‘ragan.
Sud qarori bilan ayol maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va 1,7 mln so‘m jarimaga tortildi.







