Samarqanddagi xalqaro kongress: Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi
Olimlar O‘zbekiston Prezidentiga murojaat bilan chiqishdi.

Samarqanddagi Kongresslar markazida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) VIII Xalqaro kongressining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 35 davlatidan 300 dan ortiq ishtirokchi Samarqand deklaratsiyasini qabul qilishib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga anʼanaviy Murojaatnoma bilan chiqishdi. Tadqiqotchilar Shavkat Mirziyoyevga joriy yil 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII Xalqaro kongressining ochilishi munosabati bilan ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigi uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining samimiy munosabati "Ularni yangi kashfiyotlar va yutuqlarga ilhomlantirayotgani”ni taʼkidladilar.
“Biz, hamfikrlaringiz sifatida Yangi O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” deb nom olayotgan barcha jabhalarda, jumladan, taʼlim, fan, madaniyat va maʼrifatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Yangi O‘zbekiston ilm-fan va taʼlim markazlaridan biri sifatida tobora jahon miqyosida shuhrat qozonmoqda. Yuksak maʼnaviyat, taʼlim-tarbiya, shuningdek, mamlakat madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylash davlatning barqaror rivojlanishi va farovon kelajak barpo etishining garovidir, degan fikringizga to‘liq qo‘shilamiz”, – deyiladi murojaatda.
Mutaxassislar Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning yuksak minbaridan turib bildirilgan insonparvar Islom g‘oyasi keng qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etib, maʼnaviyatni boyitish muhimligini taʼkidladi. “Biz sizning tashabbuslaringizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi uchun madaniy merosini asrab-avaylash bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarning eng faol ishtirokchisi bo‘lishga tayyormiz”, – deyishdi olimlar.
Murojaatda O‘zbekiston rahbarining noyob mualliflik mega-loyihasi – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yuksak baholandi. Ishtirokchilar madaniyat maskanlarida bo‘lib, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom al-Buxoriy maʼnaviyat markazida barpo etilayotgan mahobatli inshootlar bilan tanishdi. Kongress davomida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini sifatli mazmun bilan to‘ldirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan 300 dan ortiq maʼruzalar, takliflar, intervyular, bayonotlar va taqdimotlar taqdim etildi.
“Biz nafaqat O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga qo‘shilish, balki Sharqda ilm-fan va maʼrifatning yorqin mashʼaliga aylanadigan kuchli ilmiy-madaniy platforma yaratishni o‘zimizning eng muhim vazifamiz deb bilamiz”, – deya fikrlarini yakunlashgan olimlar.
Yalpi majlis doirasida ishtirokchilar WOSCU VIII Xalqaro Kongressi yakunlarini sarhisob qildilar va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazmuni uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qo‘shma loyihalari “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladilar. Dolzarb vazifalar qatoriga noyob qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini yaratish, muzeyshunoslikdagi innovatsion ishlanmalar, yangi arxeologik va etnografik ekspeditsiyalar, hattoki sunʼiy intellektni fanga joriy etish kabi masalalar ham kiradi.
Qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi kongressning to‘rt kunlik ishini yakunlab, tadbir ishtirokchilarining taraqqiyot va maʼrifat g‘oyalariga sodiqligini tasdiqladi. IRCICA, TURKSOY, “Al Furqan” jamg‘armasi, Arab dunyosi instituti, Xalqaro Turkiy akademiya kabi 10 ta yirik xalqaro tashkilot rahbarlari, 15 nafar akademik, 40 nafar professor va dotsent, 103 nafar fan doktori, 54 ta muzey va kutubxonalar direktorlari, 5 nafar oliy o‘quv yurtlari rektorlari, 5 ta nashriyot uyi direktorlari 35 davlatdan 300 dan ortiq ishtirokchilar nomidan murojaatni “Al Furqan” jamg‘armasi direktori Sali Shahsivari o‘qib eshittirdi.
"Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarini ahamiyatli deb eʼtirof etamiz. Ushbu madaniy-gumanistik megaloyiha Sharqning buyuk olimlari va mutafakkirlarining jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi, jumladan, musulmon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishga kuchli turtki beradi. Biz dunyodagi vaziyatdan tashvishda ekanligimizni bildirmoqdamiz va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT minbaridan turib bayon etgan islom dinining haqiqiy insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyati haqidagi g‘oyalari alohida eʼtiborga loyiq, deb hisoblaymiz. Mazkur g‘oyalarning "Jaholatga qarshi maʼrifat" shiori ostida amalga oshirilishi tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz barcha olimlar va tadqiqotchilarni, madaniyat va jamoatchilik vakillarini xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar va istiqbollarni ochib beradigan ushbu keng qamrovli loyiha atrofida birlashishga daʼvat etamiz".
Kongressning yakuniy yig‘ilishida WOSCU xalqaro mukofoti – “Oltin kitob” taqdim etildi, bu yil u Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Turkiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan 10 nafar sharqshunos olimlarga nasib etdi.
Shuningdek, 20 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan CNN, Euronews, “Rossiya-Kultura”, “Mir”, “Rossiya-24” va Markaziy Osiyo davlatlarining telekanallari jurnalistlari taklif etildi.







