“Mahalliy mahsulotlar bizni talabga javob bermaydi” degan bahona endi o‘tmaydi — Shavkat Mirziyoyev
Prezident tadbirkorlar ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiya oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Unda sohada faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq tajribali tadbirkorlar ham ishtirok etmoqda.
Prezident elektrotexnika eksporti 1 milliard dollarga yetgani, to‘qimachilikdan keyingi ikkinchi mahalliy sanoat tarmog‘iga aylanganini taʼkidladi.
Lekin, shu bilan birga smart karta, generator, telekommunikatsiya vositasi, ofis texnikasi kabi yana bir qator elektrotexnika mahsulotlarini o‘zimizda chiqarish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mintaqamizdagi 5 milliard dollarlik bozor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.
Prezident hamma davlatlar ichki bozorining himoyasiga qattiq kirishgan sharoitda yagona yo‘limiz – sifatni taʼminlash va tannarxni tushirish orqali mahsulotimiz raqobatdoshligini oshirish ekanini taʼkidladi.
Bunga tarmoqdagi qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish orqali erishish mumkin.
Hozirda energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda.
Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti.
Keyingi uch yilda suv inshooti, magistral tarmoq va taqsimlash nuqtalariga 4 ming 150 ta suv hisoblagich o‘rnatish, 2026 yilgacha 243 ta gaz taqsimlash punktlarini yangilash vazifasi turibdi.
Yiliga qurilayotgan 100 mingta xonadonli ko‘p qavatli uy-joy hamda 13 million kvadrat noturar binolar uchun ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari, elektr va gaz hisoblagichlari kerak.
Avtomobil sanoatida har yili 200 million dollardan ortiq elektrotexnika mahsuloti import bo‘layapti.
Ushbu tarmoqlarning barchasi davlatdan imtiyoz va arzon mablag‘lar olayotganiga eʼtibor qaratib, Prezident mutasaddilarning “mahalliy mahsulotlar bizni talabga javob bermaydi, import qilishga majburman” degan bahonasi endilikda o‘tmasligini qayd etdi.







