Xalqaro reyslarda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etilmoqda
Aksiya orqali mamlakatning sayyohlik imkoniyatlari ommalashtirilmoqda.

2024-yilning avgustidan noyabrigacha bo‘lgan to‘rt oy davomida Yevropaning “Air Europa” aviakompaniyasiga tegishli 24 ta Boeing samolyotida O‘zbekistonga bag‘ishlangan 15 soniyalik audioli reklama roliklari namoyish etiladi.
Aksiya Turizm qo‘mitasi tomonidan “Digital IFE Services” xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlikda Air Europa xalqaro reyslarida O‘zbekistonga bag‘ishlangan videoroliklarni namoyish etish orqali mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlarini ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Avgustdan oyidan boshlab uch oy davomida videoroliklar Yevropa va Ispaniyaning yirik shaharlarini qamrab olgan qisqa masofali reyslarda uchish va qo‘nish vaqtida panel monitorlarida bir necha marta ko‘rsatiladi, shuningdek sentyabrdan boshlab uch oy davomida Lotin Amerikasi va AQShga uzoq masofali reyslarda har bir teleko‘rsatuvdan oldin o‘rindiqlarning orqa ekranlarida namoyish etiladi.
Kampaniya davomida millionlab yo‘lovchilar O‘zbekistonni boy tarix, o‘ziga xos madaniyat va qulay sayohat uchun zamonaviy sharoitlarni o‘zida mujassam etgan noyob sayyohlik yo‘nalishi sifatida tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.







