Farg‘onadagi mahorat markaziga yashirin kamera o‘rnatildi
Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida joylashgan Farg‘ona pedagogika mahorat markazidagi xonalardan birida yashirin kamera o‘rnatilgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi maʼlumot berdi.
Kamera xonadagi shkaf ustida turgan, qo‘l mehnati bilan yasalgan kichik uycha ichiga o‘rnatilgan. Uni mahorat markaziga malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilar topib olgan. Ular holatni video tasvirga olib, yashirin kamera o‘rnatilganidan norozi bo‘lgan hamda xonada ayrim ayol-qizlar usti-boshini ham almashtirganini aytgan.
Holat Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganish jarayonida ushbu xona ayollar xonasi emas, dars mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan auditoriya ekani, kamerani markaz o‘qituvchilaridan biri o‘rnatib qo‘ygani aniqlangan.
“Kuzatuv kamerasi aynan o‘sha auditoriyaning kamerasi ishlamay qolganligi sababli qo‘yilgan edi. U o‘quv xonasi bo‘lgan. Kafedramizning 6 ta auditoriyasi bor. Markazimizda hech qanday yechinib-kiyinish xonasi ham, yotoqxona ham mavjud emas. Biz qilgan bitta xatoyimiz kamerani ochiq o‘rnatmaganimiz. Men bu darajada shov-shuv bo‘lib ketadi, deb o‘ylamagandim. Albatta, bu kamchilimizni to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Afsusdaman, uzr so‘rayman. Maqsadim shu dars jarayoni haqida maʼlumotga ega bo‘lish edi”, degan kamerani o‘rnatib qo‘ygan o‘qituvchi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan.







