Prezident Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
Muloqotda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari Vitaliy Savelyev, Rossiya Prezidenti maslahatchisi Igor Levitin va "Rossiyskiye jelezniye dorogi" kompaniyasi boshqaruvi raisi Oleg Belozyorovdan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Rossiya delegatsiyasi aʼzolari davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Joriy yilning 26-28 may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mintaqada samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rishga alohida eʼtibor qaratildi.
Transport sohasida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya yo‘nalishlarida sheriklikni yana-da kengaytirish, yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash muhimligi qayd etildi.







